Senga ta'zimdaman, O'zbegim

O'zbegim... Asrlar mobaynida shakllanib, ota-bobolarimizdan bizga meros bo'lib kelayotgan va biz ham kelajak avlodlarga meros qoldirishimiz zarur bo'lgan milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni o'zida jamlagan birgina shu so'z zaminida juda ham chuqur ma'no yotadi.

Men doimo bu so'zni eslaganimda yoki eshitganimda, avvalambor tug'ilib o'sgan ona qishlog'im, u yerning odamlari yodimga tushadi. U yerning odamlari shunday mehnatsevar dehqonlar-ki, suv chiqmaydigan qir-adirlarga suv olib chiqib bog' bunyod etadilar, ona yerga shunday mehr beradiki, toki ona yer ham shunga munosib mo'l hosil beradi, har baxor yangi nihol ekmasa yili bilan halovat topolmaydi. Axir biladida, bu ekilgan nihollar kun kelib hosildor daraxtga aylanadi, o'zi bo'lmasa farzandlari, nabiralari uning mevalaridan bahramand bo'ladi, soyasida hordiq oladi...

Qishlog'imning odamlari shunday mehribon-ki, mahalladagi har bir bolani o'z farzandidek ko'radi. Shuning uchun ham har bir bolakay mahallada istagan uyida o'ynab, mehrni mahalladan olib ulg'ayadi. Har bir kelajak avlodning erishgan yutug'i qishloqning barcha uyiga birdek xushxabar bo'lib kirib boradi. O'z o'rnida bu farzandlar ham shunday milliy ma'naviy ruhda ulg'ayadiki, qishloqdagi har bir o'g'il bolani og'a-inisidek, har qizni esa opa-singlisi deb biladi. O'zidan yoshi kattalarni doimo hurmat qiladi, og'ir kunida maslahatlar so'raydi. Doimo to'g'ri yo'lni o'zidan emas balki kattalar o'gitidan izlaydi.

U insonlar orasida mahalladoshlarim bor, do'stlarim bor, oilam bor. Albatta oila hayoti ham qishloq hayoti bilan hamo-hang bog'lanib ketgan. Ota-onalar doimo farzandi tarbiyasiga bor e'tiborini qaratadi. Farzandlar ham shunga munosib tarzda hech qachon oila boshliqlari ruxsatisiz biron ishga qo'l urmaydi. O'zidan kattalar oldida hech qachon o'zini aqlli qilib ko'rsatmaydi. Bu befarqlikdan emas, balki ularga bo'lgan yuksak hurmat natijasidandir.

Eng quvonarli jihati shundaki, yuqorida keltirgan sifatlarning barchasi faqatgina men tug'ilib o'sgan qishloqqa emas, balki butun o'zbek xalqimizga azal-azaldan meros bo'lib kelayotgan urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizdir. Men bularning bariga yoshligimdan guvohi bo'lib kelgan qishlog'imni esa misol sifatida keltirdim. O'zbek xalqi shunday xalqki, hech qachon mehnatdan qochmaydi, yordam izlab cho'zilgan qo'llar uchun hech qachon o'z yordamini ayamaydi, soddadil, bir-birlariga mehr-oqibatli, mehmondost, ular farzandi uchun yashaydi, ota-onasini doimo qadrlaydi... Bu xalqqa ta'rif uchun so'z yetmaydi. Axir bizning xalqimiz emasmi, qiz farzand tug'ilgandanoq unga sep yig'ishni boshlaydi, o'g'li uchun esa kerak bo'lsa yillar sovchilikda yurib, munosib qiz izlaydi. Men ham shu xalqning bir vakili ekanimdan doimo g'ururlanaman. Biz tarixdan shunday bo'lganimizdan faxrlanib kelganmiz va doimo har qanday chet el davlatini milliyligimiz oldida lol qoldirib kelganmiz.

Inson o'z hayotini yaxshilash maqsadida texnologiyaning jadal suratda rivojlanishi va chet davlatlari bilan savdo-sotiq va boshqa soxalarda hamkorlik qilish qaysidir ma'noda milliyligimizga ham o'z ta'sirini o'tqazmasdan qolmadi desam hato bo'lmaydi menimcha. Jumladan, chet el madaniyati bilan yaqindan tanishish natijasida turli davlatlar madaniyati ba'zi belgilari bizni milliyligimizga ham kirib kelmoqqda. Buning o'z o'rnida yaxshi tomoni ham bor. Bu orqali boshqa madaniyatlarni ham chuqurroq o'rganish va keyinchalik chet elga safar qilsa u yerga tezda moslashib ketishiga yordam beradi. Lekin hamma narsaning ham meyori bor. Ayniqsa hozirgi kunda chet el kiyinishiga taqlid qilib milliy kiyinish madaniyatimizga to'g'ri kelmaydigan liboslarni kiyish, oilalarda ham chet el hayotiga taqlid qilish kuchayib bormoqda. Bir tomondan bu jiddiy muammo emas, har kim o'z hayot tarzini o'zi tanlay oladi. Ular shuni to'g'ri deb bilsa, hech kim bunga qarshilik qilolmaydi.

Endi boshqa bir davlat xalqining kundalik hayotini misol qilib keltirmoqchiman, masalan Yaponiya. Men bu dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan birida to'rt yil o'qib, barchasiga o'zi guvoh bo'lib, u yerning yuqori daromadidan o'zimizning sodda xalqimiz hayotini ustun qo'yib qaytib kelgan bir tanishim bilan bo'lgan suxbatimizdan qisqacha xulosa keltirmoqchiman. Yaponiyada hayot shunday jadallashib ketganki, odamlarning ertangi kundan yagona umidi ishga borish va o'z hayoti uchun yetarli mablag' yig'ish. Umri davomida boyib ketish uchun harakat qiladi. Oila tushunchasidan esa ancha yiroqlashib ketgan, oilalar faqatgina bitta farzand ko'radi va bu faqatgina o'zidan bir avlod qoldirish uchun. Ko'pchilik oila qurmasdan ham yashayveradi. 16 yoshga to'lgan bola mustaqil hisoblanadi va ota-onasini tark etadi va boshqa uyga ko'chib o'tadi. Farzandiga qattiqqo'llik qilgan ota-onalar esa qonun oldida jinoiy javobgarlikka tortiladi. Agar biron qiz va yigit bir-birlarini yoqtirib qolsa, birga yashayveradi. Agar keyinchalik qaror qilsalar turmush quradi bo'lmasa ajralib ketaveradi va yana boshqasini topadi. Hech bir farzand o'zi xohlamasa ota-onasiga g'amxo'rlik qilishga majbur emas. U yerda har kim faqatgina o'zi uchun yashaydi. Yonma-yon yashaydigan qo'shnilar bir-birlarini tanimaydi. Qisqacharoq aytganda insonga eng kerakli bo'lgan "Mehr" u yerda yo'q... Menga bu gaplarni aytgan inson Sardor Abdullayev, hozirda Andijon viloyatidagi "London English School" o'quv markazi asoschisi va direktori. Mening eng yaxshi ustozlarimdan biri.

Endi tasavvur qilib ko'raylikchi, aynan shu madaniyat kunlar kelib bizning yurtimizda ham ommalashib ketsa... Axir bular bizning mentalitetimizga mutlaqo zid tushinchalarku? Bobo va buvilarimiz bergan o'gitlari bizga butunlay boshqa narsani o'rgatgan ediku? Agar biz bunga e'tiborsizlik qilsak ota-bobolarimiz ruhi azob chekmaydimi? Ular bizga "O'zbek" degan nomni avaylab yetqazib bersalaru, biz uni loyga qorib tashlasak... Bu juda ayanchli bo'ladi. O'rtamizda mehr yo'qoladi, uyimizni baraka tark etadi... Lekin bizning xalqimiz ochiqko'ngil, mehmondo'st bo'lish bilan birga juda aqlli hamdir. Axir biz, dunyoni larzaga keltirgan Alisher Navoiy, Mirzo Ulug'bek, Abu Rayhon Beruniy, Muso al-Xorazmiy, Zahiriddin Muhammad Boburlarning avlodimiz. Biz hamisha vaziyatni to'g'ri baxolab, ajdodlarimizga munosib avlod bo'lishga intilib yashaydigan xalqmiz. Bu vaziyatga ham to'g'ri nigoh tashlay olamiz va hamisha o'z milliyligimizni saqlab qola olamiz va bizdan keyingi avlodlarimizga meros qoldiramiz. Aynan shuning uchun ham biz boshqa xalqlardan ajralib turamiz va aynan shuning uchun ham men o'zbegimni yaxshi ko'raman.

Gap o'zbek xalqi haqida borar ekan, O'zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev qalamiga mansub "O'zbeklar" hikoyasini eslamasdan iloj yo'q. Hikoya paxta terish uchun bir qishloqqa borgan talabalar va qishloqdagi bir oila, Botir cho'pon va ayoli haqida boradi. Hikoya talabalardan biri Ergashboy tomonidan yozilgan edi. Voqeilik davomida oila bilan talabalar o'rtasida aloqalar juda qalinlashib ketadi, ayniqsa Ergashboy bilan Botir cho'pon aka-ukalardek bo'lib ketadi. Shunday kunlarning birida qattiq jala quyadi va cho'ponning qo'ylari qo'rasidan qochib ketadi. Talabalar esa ularni tutib kelishga yordamlashadi, lekin bitta qo'yni hech qayerdan topa olishmaydi. Botir cho'pon esa bo'ri yeb ketgandur deb undan voz kechadi. Aslida esa qo'yni Ergashning do'stlari berkitib qo'yishgan bo'ladi va o'zlari uni go'shti bilan bazm qilishadi. Buni ko'rgan Ergash esa sodda oila oldida vijdon azobida qoladi va ularning ko'ziga qarolmay, ulardan uzoqroq yuradi. Mavsum oxirida talabalar bergan yordam uchun ular sharafiga qilingan hayrlashuv bazmiga esa shu vijdon azobi tufayli borolmaydi. Sodda o'zbek oilasi esa Ergashdan ranjib qolishadi va hatto u bilan hayrlashishdan voz kechishadi. Hikoya esa Ergashning avtobus oynasidan bu sodda o'zbek oilasiga ko'zlarida yosh bilan termulib turishi bilan o'z nihoyasiga yetadi... Hikoyada haqiqiy o'zbeklar qanday ekanligi shunday tasvirlanganki, buni o'qigan odamning ko'zlariga beixtiyor yosh keladi. O'zbeklarga bo'lgan mehri yanada ortadi.

Bizning xalqimizga shunday soddalik yarashadi. Shuning uchun ham biz hech kimni dushman deb bilmaymiz, shuning uchun ham biz doimo mehmondo'st bo'lib kelganmiz, shuning uchun ham butun dunyo bizga havas qiladi. Mana shunday sodda o'zbegim oldida doimo ta'zimdaman...

Toshkent shaxridagi Inha Universititeti talabasi Hikmatillo Tulkinbekov

Milliy qadriyatlarimiz - milliy g'ururimiz


Izohlar