SOG’LOM TURMUSH TARZINI SHAKLLANTIRISHDA XOTIN-QIZLARNING O’RNI

Har bir insonning o’z yashash tarzi bo’lib, bu insonning o’ziga xos kundalik hayotda amal qilishi kerak bo’lgan axloq-odoblar majmuasidan iboratdir. Uning asosiy elementlariga esa kun tartibi, ovqatlanish sharoitlari, jismoniy faollik, ruhiy osoyishtalik, oila qurish va nikoh, mehnat qilish, dam olish, o’z salomatligini nazorat qilish, o’z-o’zini tarbiyalash, shaxsiy tozalik, zararli odatlardan holi bo’lish, tibbiy faollik va ekologik faollik kabilarni misol qilish mumkin.

Xo’sh, inson nima uchun ko’p kasal bo’ladi va kam umr ko’radi? Buning sababi u ko’p hollarda ana shu salomatlik xulq-odoblariga rioya qilmay qo’yadi.

Bugungi kunda ayniqsa ona va bola salomatligi, xotin-qizlar salomatligiga alohida e’tibor berilmoqda. Hatto bobomiz Amir Temur ham “Men bolalarim va nabiralarimni uylantirishda kelin bo’lmishning yeti avlodini surishtirdim, jismoniy kamolotda va axloq-odobda namunali bo’lsa, xalqqa to’y-tomosha berdim. Avlodim sog’lom bo’lishi uchun bolalarim va nabiralarimga ichishni va chekishni man qildim”- deb aytib o’tganlar. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, “qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo‘lg‘usi onalarni, xalqimiz, millatimizning umidi va tayanchi hisoblangan kelajak avlodni dunyoga keltirib, voyaga yetkazadigan naslimiz davomchilarini ko‘ramiz”.

Mamlakatimizda sog'lom bola, sog'lom avlod masalasiga kompleks yondoshilmoqda. Boshqacha aytganda, sog'lom bola tug'ilishi uchun avvalo ota-ona sog'lom bo'lmog'i lozimligiga katta e'tibor berilmoqda. Islom Karimov O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida “Sog'lom bola sog'lom va ahil oilaning mevasi bo'lib, faqatgina sog'lom onadan sog'lom bola tug'iladi”, deb alohida ta'kidladi. Bu masala mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillardan alohida e'tiborda. O'sha ma'ruzada davlatimizning birinchi rahbari buni alohida qayd etdi: “Biz mustaqillikka erishganimizdan so'ng sog'lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, birinchi navbatda oila, onalik va bolalikni himoya qilish masalasini o'zimiz uchun eng muhim, ustuvor vazifa sifatida belgilab oldik”. “Sog‘lom avlodni tarbiyalash – buyuk davlat poydevorini, farovon hayot asosini qurish deganidir”. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov tomonidan mustaqilligimizning ilk yillarida aytilgan bu so‘zlar mamlakatimizning istiqboldagi bosh maqsadini, davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishini belgilab bergan. O‘zbekiston istiqlolning dastlabki kunlaridan uzoq istiqbolni ko‘zlab, “farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart”, degan ezgu niyatni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Istiqlol yillarida bu oliyjanob maqsad yo‘lida miqyosi va ahamiyati jihatidan ulkan ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda bolalarning sog‘lom tug‘ilishi va sog‘lom ulg‘ayishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. 2016 -yilni mamlakatimizda” Sog'lom ona va bola yili,” deb e'lon qilindi. Zero, bola sog'lom bo'lishi uchun avvalo ona sog'lom bo'lishi zarurligini sira esdan chiqarmasligimiz kerak. “Bolaga e'tibor bo'lajak onaga e'tibor qaratishdan boshlanishi kerak. Chunki homilador ayolning ruhiy-fiziologik holati, barcha his-tuyg'ulari, kayfiyati ona vujudi orqali bolaga o'tadi”, deb ta'kidladi,- Islom Karimov. O'tgan yillar yurtimizda “Oila yili”, “Ayollar yili”, “Sog'lom avlod yili,” “Onalar va bolalar yili”, “Yoshlar yili”,”Barkamol avlod yili”, “Mustahkam oila yili”, “Sog'lom bola yili”, deb e'lon qilingani va ular bir-biriga uzviy bog'lanib, to'ldirib kelgani bunga yorqin misol.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, inson salomatligining 50-52 foizi turmush tarziga, iste'mol qilayotgan oziq-ovqatiga, 20 foizi atrof-muhit ta'siri va 8-10 foizi tibbiy xizmat darajasiga bog'liq. Bundan ko'rinadiki, vitaminlarga boy mahsulot iste'mol qilish, sog'lom turmush tarziga e'tiborli bo'lish sog'lom hayot kechirishning asosiy omilidir.

Birinchi prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish, bolalar salomatligini asrash, xastaliklarning oldini olish choralarini ko'rish maqsadida ko'plab loyihalar hayotga tatbiq etildi. «Ko'krak suti bilan emizishni targ'ib qilish va qo'llab-quvvatlash», «Besh yoshgacha bo'lgan bolalar orasida A vitamini saplementatsiyasi» kabi loyihalar bolalar o'limining kamayishi, xastaliklar asoratini bartaraf etishga xizmat qilmoqda. O'zbekiston Respublikasining “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to'g'risida”gi hamda “Aholi o'rtasida mikronutrient yetishmasligi profilaktikasi to'g'risida”gi qonunlarining qabul qilinishi aholi o'rtasida turli kasalliklar kamayishiga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda. O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligidan ma'lum qilishlaricha, bolalarni emlash, ularni vitaminlar bilan ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan loyihalar samarasida o'sib kelayotgan avlodning sog'lom va barkamol ulg'ayishida ulkan natijalarga erishilmoqda. Bular bilan bir qatorda sog’lom turmush tarziga rioya qilish dolzarb muammolardan biri bo’lib qolmoqda.

Sog‘lom turmush tarziga rioya etish ko‘plab muammolarning oldini olish demakdir. Bugun ushbu mavzuga juda ko‘p duch kelyapmiz. Bir qaraganda qiyin ko‘rinuvchi, anchagina kuch, sabr va iroda, vaqt va sharoit talab etuvchi sog‘lom turmush tarzining asosiy qoidalari nimalardan iborat? Bugungi kunda qanday qilib sog‘lom turmush tarziga rioya etish mumkin? Quyidagi sog‘lom turmush tarzining eng muhim qoidalaridan siz va bizga avvaldan ma’lum bo‘lgan, biroq hayotning mayda tashvishlari bilan yodimizdan ko‘tarilgan va amalga oshira olmay qolgan tartiblarni yodga solmoqchimiz.

Sport — umrimiz oxiriga qadar sog‘lom hayot kechirishning asosiy shartlaridan. U yosh ham, joy ham, hattoki shart-sharoit ham tanlamaydi. Uning ko‘rinishlari, shakllari, usullari ko‘p. Yoga, pilates, piyoda yurish, yugurish, turnikka tortilish, otjimaniya, raqs, rafting, bodibilding, gimnastika, futbol va hokazo turlari bor. Istaganingizni tanlang, jismonan faol bo‘lsangiz kifoya. Har kuni emas, kunora 30-60 daqiqa sport bilan shug‘ullansangiz, sog‘lom bo‘lishingiz uchun yetarli. Kamroq o‘tirish va ko‘proq harakatlanish kerak. Agarda kasbingiz o‘tirib ishlashni taqozo etsa, har soatda kamida 5 daqiqa tanaffuz qiling va bu vaqtda turli yengil mashqlarni bajarib, yelka, bel va oyoqlar chigilini yozing.

Ovqatlanish ratsioningizga tabiiy mahsulotlar — meva va sabzavotlar, vitamin va minerallarga boy oziq-ovqatlarni ko‘proq kiriting. Ovqatlanish ratsionining 65 foizini meva va sabzavotlar, non va turli bo‘tqalar tashkil etishi, 30 foizi go‘sht va sut mahsulotlari, 5 foizi shirinlik va yog‘larga ajratilishi lozim. Ozuqalar imkon qadar yangi, mavsumga mos bo‘lishi lozim. Bahor va yozda o‘simliklar, qishda oqsil va yog‘ga boy mahsulotlarga ko‘proq o‘rin ajratilishi lozim. Har kuni 2 litr atrofida suv ichishni unutmang. Fastfud, gazli ichimliklar, yarim tayyor mahsulotlar, chips va kiriyeshkilar, boshqa ko‘plab sun’iy ta’m, rang va shakl berilgan ozuqalardan voz kechganingiz ma’qul. Ovqatlanishda xilma-xil taomlarni aralashtirib yubormaslik lozim. Mevalar ovqatdan yarim soat avval, choy va ichimliklar 1-2 soat keyin iste’mol qilinishi zarur. Kechki 19-00dan keyin faqatgina bir oz olma tanovul qilishga ijozat beriladi.

Organizmimizning asosiy dushmanlaridan bo‘lmish tamaki va alkogol mahsulotlari, turli zararli odatlardan voz kechish orqali sog‘lom turmush tarziga keng yo‘l oching. Har bir chekilmagan sigaret, ichilmagan har bir stakan aroq yoki pivo sizning sog‘lom hayot kechirish sari tashlagan muhim qadamingizdir.

Kun tartibiga qat’iy rioya eting. Birinchi navbatda — 8 soatlik uyqu! Ikkinchidan, kunning bir vaqtida uxlash va muayyan vaqtida uyg‘onishga odatlanish! Uyquning buzilishi asta-sekinlik bilan inson ruhiyati, hissiyotlariga ziyon yetkazadi, ishchanlik kayfiyatini yo‘qotadi, keyinchalik turli surunkali, jiddiy xastaliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumin.

Sog‘lom turmush tarzining yana bir muhim qoidasi — yorqin va ijobiy kayfiyat! Hayotdan ko‘proq zavq oling, muvaffaqiyatsizlik, omadsizliklarga ko‘p e’tibor qaratmang, doimo olg‘a intilish uchun kuch topa biling va odamlarga nisbatan g‘araz, gina, yomon gumonlar saqlab yurmang, kechirimli, bag‘rikeng bo‘ling. Nodonlar bilan aslo tenglasha ko‘rmang!

Uyingiz, xona va ish kabinetingizni doimo toza tuting, har kuni uni artib-tozalang, derazalarni ochib, toza havo kirishini ta’minlang. Normal jismoniy holatda bo‘lish uchun albatta chuqur va to‘g‘ri nafas olishni bilish lozim. Tabiat qo‘ynida sayr qilish, oynalarni ma’lum muddat ochib qo‘yish, tomorqa yoki ochiq havoda jismoniy mehnat qilishga yetadigani yo‘q.

Ovqatlanishdan avval va keyin albatta qo‘llarni yuvish, uyqudan oldin va ovqatlangandan keyin tishlarni tozalash, toza kiyim, umuman, tozalikka qat’iy rioya etish sog‘lom turmush tarzining asosiy shartlaridan hisoblanadi.

Gigiyena qoidalarini oilada, bolalar bog’chasida.boshlangich maktabda bolalarga o’rgatiladi. Sof va yuvilgan mahsulotlarni istemol qilib sifatsiz va go’sht mahsulotlarini suiste’mol qilmaslik kerak. Vaqti -vakqida tibbiy ko’rikdan utib turing. Bundan tashkari har bir kishi asosiy parvarishlash ko’nikmalariga ega bo’lish kerak. O’z-o’zini davolash bilan shug’ullanmasdan o’z vaqtida shifokorlarga murojaat qilish kerak

O'quvchilar va talabalar uchun jismoniy tarbiya bilan shug’ullanishi majburiyat bo’lishi kerak .Jismoniy mashqlarsiz inson tanasini rivojlantirib bo’lmaydi. Sport bilan shug’ullanish ish kunidan keyin ayniqsa mushaklar charchog’i va og’riqlarini olishga yordam beradi, kunning 1- yarmida shug’ullanish esa mushaklar tonusini oshiradi. Ertalabki doimiy va tizimli mashqlarni bajarish kun davomidagi charchoqni va bo’g’imlardagi og’riqlarni esdan chiqaradi.

Shuni unutmasligimiz kerak! Sog‘lom turmush tarzi, bu — har qanday kasalliklar profilaktikasi va salomatlik, kuch-quvvat garovidir. U insonning turli qirralarini rivojlantirish, muvaffaqiyatga erishish garovidir. Sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya etgan odam oilasi, mehnat jamoasi, umuman, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, turli murakkab vaziyatlarni yengib o‘tish, hayot qiyinchiliklari oldida o‘zini yo‘qotmaslikka o‘rganadi. Sog‘lom turmush tarzi qoidalari bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, biri ikkinchisiz sodir bo‘lishi amrimahol. Ularni ertaga qoldirmasdan, hoziroq amalga oshirishni boshlash bilan sog‘lom va baxtli hayot sari ilk qadamlarimizni tashlagan bo‘lamiz.

Muallif: Safayeva Shaxzoda

Ilmiy rahbar : Ashurova X.

SOG’LOM TURMUSH TARZINI SHAKLLANTIRISHDA XOTIN-QIZLARNING O’RNI


Izohlar